Goh kunlar g'aroyib, sharhiga yo'q so'z,
Ta'mi talx sharobday joming to'ldirar.
Duelga chiqardi avval yuzma-yuz,
Endi bir-birini zimdan o'ldirar.

Avvalgi oshiqlar ko'zlarida qon,
Ishqi uchun jonin qo'yardi garov.
Endigi oshiq goh chamalar imkon,
Qiyinroqmi, yo'ldan qaytadi darrov.

Avvalgi oshiqlar ko'kragida oh,
Maydonga kirganlar g'urur, shon uchun.
Bugungi oshiqlar tuyuladi goh,
Ot solayotganday mansab, non uchun.

Tag'in eng qizig'i, faqat pardali,
Pardali suyarlar, pardada yurar.
Ko'nglidagi qahrni hech kim zardali,
Qahr bilan aytmaydi, pardaga o'rar.

Parda orasida ketyapmiz horib,
Yo'l sola olmasdan oshkor bir yoqqa.
Jur'at tark etmoqda bizlarni, borib,
Do'stga "Men sog'indim Seni" demoqqa.

Jur'at tark etmoqda bizlarni goho,
"Pichoq kesar, o'tkir bo'lsa dami" deb.
Birovga bermaymiz munosib baho,
Boshqasi arazlab qoladimi, deb.

Jur'at tark etmoqda bizlarni ba'zan,
Garchand goh mehrdan ko'ngil yoshlanar,
Sor burgut madad so'z kutmoqda bizdan,
Ulug' parvoz balki shundan boshlanar.

Madad so'zsiz burgut uchsa-ku uchdi,
Goh burgut keksayar shu so'zni kutib.
Ojizmiz, biz qo'llay bilmadik qushni,
Ayanchmiz, "yilt" etgan nur ketdi o'tib.

Men hammaga avval jur'at tilayman,
Muqim jur'at olgan qalbni, qal'ani.
Dushman dushmanlig'in oshkor olsin tan,
Do'stim oshkor bo'lsin ko'ngil malhami.

Jur'at nima, jur'at o'zi asli o'q,
Nishonni urmasdan qo'ymas otgan dam,
Ko'p rahmim keladi oshkor fikri yo'q,
"Pardali" she'r yozgan shoirlarga ham.

Goh kunlar g'aroyib, sharhiga yo'q so'z...







